BMT O‘zbekistonning YuNYeSKO ob'ektlaridagi buzish xolatlari yuzasidan havotir bildirdi
BMT mutaxassislari bugun 2001 yildan beri YuNYeSKOning jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistonning Samarqand shahri markazida amalga oshirilayotgan majburiy ko‘chirishlar va uy-joylarni buzish holatlari bo‘yicha xavotir bildirdi.
“Biz Kambodja, Tanzaniya va O‘zbekistonni ham o‘z ichiga olgan bir qator YuNYeSKOning jahon tabiiy va madaniy merosi ob'ektlaridagi majburiy ko‘chirishlar haqida jiddiy xavotirlarimizni tegishli hukumatlar, YuNYeSKO va Jahon merosi qo‘mitasiga bir necha bor yetkazganmiz”, – dedi mutaxassislar.
Ko‘p hollarda jabr ko‘rganlar ijtimoiy jihatdan chetlatilgan jamoalar, kamsonli millatlar yoki mahalliy xalqlar bo‘lib, bunday majburiy ko‘chirishlar natijasida ularning ijtimoiy va iqtisodiy turmush tarzi butunlay vayron bo‘ladi. Mahalliy aholining erkin, oldindan va to‘liq ma'lumot asosidagi roziligi e'tiborsiz qoldirilgan.”
2025 yil may oyida al-Moturidiy maqbarasi yaqinidagi himoya qilingan hududda joylashgan butun bir mahalla buzib tashlandi. Bir necha hafta ichida 1 200 dan ortiq kishi uyidan ayrildi. Uy-joylarni buzish asosan mahalliy rom (Multoni) jamoasiga ta'sir qildi — bu Samarqandda avlodlar davomida yashab kelgan va mahallaning madaniy hamda tarixiy bog‘liqligini saqlab kelgan ozchilik guruh edi.
“Butun mahallani buzmasdan turib, turistik infratuzilmani yaxshilash yoki ziyorat markazini qurishning boshqa usullari o‘rganilmagan”, – dedi mutaxassislar. “Shuningdek, buzish ishlari boshlanishidan oldin jamoa bilan kelishilgan ko‘chirish rejasi ham ishlab chiqilmagan.”
Merosga ta'sirni baholash hisoboti Jahon merosi qo‘mitasiga faqat uylarning ko‘p qismi allaqachon buzib tashlanganidan so‘ng taqdim etilgan.
Xabarlarga ko‘ra, jamoa huquq-tartibot, sud va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan kuchli bosim ostida jadal ravishda ko‘chirilgan. Bu jarayonda samarali sud himoyasiga imkoniyat bo‘lmagan. Bir uy egasini himoya qilgan advokatga tahdid qilingan va uni IIB hibsga olgan. Shuningdek, odamlarni uylaridan chiqarish uchun vaqtincha elektr va gaz ta'minoti uzib qo‘yilgan. Bir nechta fuqarolarga tovon puli to‘langan bo‘lsa-da, bu mablag‘lar shahar markazida shunga o‘xshash hudud va uy sotib olish uchun yetarli bo‘lmagan.
Bu buzish ishlari Inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma'ruzachi Samarqandga tashrif buyurib, mamlakatda majburiy ko‘chirishlarni to‘xtatishga chaqirganidan faqat bir necha oy o‘tib amalga oshirilgan.
Jahon merosi qo‘mitasi Samarqandda buzish va yangi qurilish ishlariga moratoriy joriy etish zarurligini bir necha bor so‘ragan.
“Hukumat bu moratoriy haqidagi tavsiyani e'tiborsiz qoldirgani uchun juda afsusdamiz”, – dedi mutaxassislar.
Rom jamoasini mo‘ljal qilish holati kamsonli millatlarga nisbatan kamsitish va madaniy yo‘qotish xavfini oshiradi. Bu buzishlar YuNYeSKOning 43-Bosh konferentsiyasi Samarqandda boshlanishidan faqat bir necha oy oldin sodir bo‘lgan.
Hozirgacha YuNYeSKO va uning Jahon merosi qo‘mitasi majburiy ko‘chirishlarni taqiqlovchi, yashash huquqini ta'minlovchi va mahalliy aholining roziligini inobatga oluvchi rasmiy qoidalarni qabul qilmagan. Mutaxassislar ta'kidlashicha, YuNYeSKO inson huquqlari va madaniy huquqlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, ularning buzilishiga “madaniy merosni himoya qilish” bahonasida ko‘z yummasligi lozim.
“Afsuski, ko‘p hollarda jahon merosi ro‘yxatidan chiqarilish xavfi ko‘proq ko‘prik manzarani to‘sganda yuzaga keladi, biroq mahalliy aholi uylaridan va tirikchilik manbaidan mosuvo bo‘layotgan bir paytda, ularga nisbatan jiddiy inson huquqlari buzilishiga qaramay, bunday holatlar yetarlicha e'tiborga olinmaydi.”
Mutaxassislar YuNYeSKO Bosh konferentsiyasini majburiy ko‘chirishlarni taqiqlovchi va agar aholini ko‘chirish zarur bo‘lsa, inson huquqlariga muvofiq joylashtirishni kafolatlovchi yo‘riqnomalarni ishlab chiqishga chaqirdi.
YuNYeSKO ro‘yxatiga kiritish yoki uni saqlab qolish uchun belgilangan barcha mezonlar inson huquqlariga hurmatni o‘z ichiga olishi kerak. Mutaxassislar bu masalalar bo‘yicha davlatlarga va xalqaro tashkilotlarga maslahat berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mutaxassislar:
Balakrishnan Radjagopal — insonning munosib hayot darajasi huquqining tarkibiy qismi sifatida munosib uy-joy huquqi va bu sohada kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik huquqi bo‘yicha maxsus ma'ruzachi.
Aleksandra Ksantaki — madaniy huquqlar sohasida maxsus ma'ruzachi.
Margaret Sattertveyt — sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachi.
Maxsus ma'ruzachilar, mustaqil ekspertlar va ishchi guruhlar BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tayinlanadigan mustaqil inson huquqlari bo‘yicha ekspertlardir. Ular jamoaviy ravishda “Inson huquqlari kengashining maxsus tartib-taomillari” deb ataladi.
Maxsus tartib-taomillar doirasidagi ekspertlar ixtiyoriy asosda faoliyat yuritib, ular BMT xodimlari emas va o‘z ishlari uchun maosh olmaydi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi (OHCHR) bu jarayon uchun kotibiyat vazifasini bajaradi, ammo ekspertlar har qanday hukumat yoki tashkilotdan, jumladan OHCHR va BMTdan mustaqil ravishda ishlaydilar. Ular bayon etgan fikr va mulohazalar mualliflarning shaxsiy qarashlari bo‘lib, BMT yoki OHCHR nuqtai nazarini ifoda etmasligi mumkin.
BMTning inson huquqlari mexanizmlari — maxsus tartib-taomillar, shartnoma organlari va Umumjahon davriy ko‘rib chiqish jarayoni tomonidan tayyorlangan mamlakat bo‘yicha kuzatuvlar va tavsiyalarni Inson huquqlari umumjahon indeksi orqali ko‘rish mumkin: https://uhri.ohchr.org/en/
BMT Inson huquqlari boshqarmasi
Manba: https://t.me/UzFoHR
