Asosiy mavzular
29 december 2025

Nega toshkentlik advokat Allan Pashkovskiyning litsenziyasi olib qo‘yildi

Allan Pashkovskiy 16 yildan ortiq vaqt mobaynida advokat sifatida faoliyat yuritgan va yaqin vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasida kasbiy huquqlarni himoya qilish departamentiga rahbarlik qilgan. Ammo Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ning sobiq xodimi Valijon Raxmonov ishidan so‘ng hammasi o‘zgardi. Raxmonovni himoya qilgani uchun Pashkovskiy kasbiy etika qoidalarini buzganlikda ayblanib, oxir-oqibat litsenziyasidan mahrum etildi. Toshkentdagi Hook.report nashri bu voqeada nimalar sodir bo‘lgani, advokat qanday qilib ayblanuvchiga aylantirilgani va sud qarori qay darajada adolatli bo‘lganini o‘rgandi.

Valijon Raxmonov ishi

Nashrda ta'kidlanishicha, Pashkovskiyning mijozi Davlat xavfsizlik xizmatida rahbar lavozimlardan birida ishlagan Valijon Raxmonov bo‘lgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, xizmat davomida Raxmonov keng ko‘lamli korruptsion sxemani fosh etgan va idora hamda davlat byudjetiga yetkazilgan zararni “o‘nlab million dollar” deb baholagan.

Ammo hodisani tergov qilish o‘rniga, 2024 yil fevral oyida DXX xodimlari Raxmonovning o‘zini hibsga olgan. Pashkovskiy mijozini himoya qilar ekan, tergovchilar tomonidan Raxmonovga nisbatan qiynoqlar va jismoniy tahdidlar qo‘llanilganini bildirgan.

Apellyatsiyalar va Pashkovskiyga nisbatan «etikani buzish» ayblovi

2025 yil 9 yanvarda Valijon Raxmonov davlatga xiyonat qilishda aybdor deb topilib, 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Apellyatsiya sudi jarayonida advokat tergov tomonidan yo‘l qo‘yilgan ko‘plab qoidabuzarliklarga ishora qildi: ikkinchi ayblanuvchiga (R. Matyakupov sifatida qayd etilgan) elektroshoker qo‘llanilganidan keyin sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazish rad etilgani, shuningdek, ish materiallari bilan tanishish huquqi cheklangani. Xususan, ikki mingta varaq va videoyozuvlarni o‘z ichiga olgan yetti jildli ishni o‘rganish uchun nusxa ko‘chirish imkonisiz holda bor-yo‘g‘i ikki kun berilgan. Biroq barcha iltimosnomalar rad etilgan.

Sudning o‘zida, himoya nutqi davomida Pashkovskiy «yigitlar» va «ajoyib advokat» degan iboralarni qo‘llagani uchun kasbiy etika qoidalarini buzgani haqida sabablar izohlanmasdan bir necha marta ogohlantirilgan.

Shavkat Mirziyoevga videomurojaat

Sud tomonidan bildirilgan e'tirozlar jami to‘rtta bo‘lgan — yana ikkitasi «kulimsirab turgan yuz ifodasi» va «plastik boksga barmoq bo‘g‘imlari bilan taqillatib urish» uchun qayd etilgan. Apellyatsiya sudi raisi Advokatlar palatasiga Allan Pashkovskiy va ikkinchi advokat Vladimir Nikitinga nisbatan chora ko‘rish talabi bilan murojaat qilgan.

2025 yil 25 aprel kuni malaka komissiyasi advokatlarning faoliyatini 4 oyga to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu qaror advokatlarga ish materiallari bilan tanishish va o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoni berilmasdan qabul qilingan, majlis esa bor-yo‘g‘i yarim soat davom etgan.

May oyida Allan Pashkovskiy videomurojaat yozib, unda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni Valijon Rahmonovaning ishi bo‘yicha xolis va adekvat tergov o‘tkazishga chaqirgan. Advokat ayblovning daliliy bazasi mavjud emasligini, shuningdek, qiynoq qo‘llangani haqidagi holatlar e'tibordan chetda qoldirilayotganini ta'kidlagan. Shuningdek, advokatlarga qo‘yilgan ayblovlar asossiz ekanini alohida urg‘ulagan.

Biroq murojaat yana bir sud ishi bilan yakunlangan — bu safar Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi Pashkovskiyni advokatlik litsenziyasidan mahrum etish talabi bilan chiqish qilgan.

Sud qanday o‘tdi

2025 yil 11 dekabr kuni Toshkent shahar ma'muriy ishlar bo‘yicha tumanlararo sudida Allan Pashkovskiyni advokatlik litsenziyasidan mahrum etish masalasi bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Sud bir necha soat davom etib, uning asosiy qismi himoya tomonining nutqiga to‘g‘ri keldi.

Pashkovskiyga ish materiallari bilan yana tanishish imkoni berilmadi: bu gal hujjatlar majlisdan bir necha kun oldin unga umuman aloqasi bo‘lmagan noto‘g‘ri manzilga yuborilgan. Ayblov tomoni — Adliya vazirligi va Advokatlar palatasi vakillari, ehtimol, boshidanoq o‘zini g‘alaba qozongan taraf sifatida his etgan.

Ularning chiqishlari bir necha daqiqadan oshmadi va «uning so‘zlari puch», kabi iboralar hamda dalillarga tayanmagan ayblovlar bilan to‘la edi. Jumladan, videorolik tayyorlash uchun pul olgani va «mamlakat obro‘sini qoralash» yoki davlat sirini oshkor etgani haqidagi da'volar bildirildi.

Bahs-munozaralar davomida shu ham ayon bo‘ldiki, ayblovlar qo‘yilishiga sabab bo‘lgan Pashkovskiyning videomurojaatini ayblov tomoni umuman tomosha ham qilmagan.

Videodagi aniq jihatlarga izoh berish so‘ralganda, javob berilmagan. Kasbiy etika qoidasi aynan qay tarzda buzilgani haqidagi savolga esa idoralar vakillari javob berishdan bosh tortgan.

Himoya tomoni nutqidan parchalar

Quyida nashr Allan Pashkovskiyning o‘zi bergan tushuntirishlarni keltiradi:

«Qonunda (Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun — tahr.) ochiq-oydin aytilgan: murojaat qilgan shaxslarni har qanday shaklda tanqid qilish yoki ta'qib etishga yo‘l qo‘yilmaydi. (…)

Men hozir odatiy kasbiy faoliyatim — yuridik yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanishim mumkin edi. Ammo buni qila olmayapman: aynan qonun doirasida ko‘rsatgan ana shu yordamim uchun ta'qibga uchrayapman.

Men hech qanday harbiy ishlar bilan shug‘ullanmasam-da, ishim harbiy prokuraturaga yuborildi va videoda davlat sirini oshkor etish hamda davlatga xiyonat alomatlari bor, degan xulosa qilindi. “Agar bizda qonunlar 50 foizga bo‘lsa ham bajarilganda, yaxshi yashagan bo‘lar edik”, degan gapni aynan siz aytgansiz (Advokatlar palatasi vakili — tahr.), keyin esa o‘sha so‘zlarni mening videomda davlatga xiyonat, deb baholadingiz.

Adliya vazirligi huzurida sud-lingvistik ekspertiza mavjud, bunday ekspertizalarning olti turi bor. Ularni o‘tkazib, videoning aynan qaysi daqiqasi va soniyasida qanday qoidabuzarlik borligini aniq ko‘rsatish mumkin edi. Ammo zamonaviy huquqiy davlat O‘zbekistonda idoralar vakillari hatto ayblov uchun asos bor-yo‘qligi haqida o‘ylab ham ko‘rishmayapti. Umid qilamanki, bugungi qaror bilan sud advokatlar ham mamlakatning huquqiy jamoatchiligining bir qismi ekanini ko‘rsatadi.

Hozir Toshkentda 50 nafar advokat borki, ularning faoliyati shubhali sabablar bilan to‘xtatilgan yoki butunlay tugatilgan. Ertaga har biringiz qonuniy yordam so‘rab murojaat qilishingiz mumkin, ammo shu yordamni ola olasizmi?»

Himoya tomonining ushbu dalillariga va ayblov tomonida dalillar mavjud emasligiga qaramasdan, sudya Azamat Yakubov Allan Pashkovskiyning advokatlik litsenziyasini bekor qilish haqida qaror chiqardi.

Allan Pashkovskiy sud qarori haqida shunday dedi:

«Bugun Toshkent shahar tumanlararo sudi Adliya vazirligi, ular bilan birga Oliy malaka komissiyasining pozitsiyasini ma'qullab qaror chiqardi. Unga ko‘ra, men YouTube’dagi videom orqali advokatlar kasbiy etika qoidalarining to‘rt bandini buzgan ekanman. Sud hech qanday dalillarsiz qaror chiqarib, meni butunlay advokatlik maqomidan mahrum qildi»

— deya Pashkovskiydan iqtibos keltiradi Hook.report.

«Bularning barchasi videomda aytganimni yana bir bor tasdiqlaydi: qonuniy advokatlik faoliyatiga aralashuv bor. Bu alamli, ammo o‘zimni himoya qilish uchun mavjud barcha advokatlik vositalarini ishga soldim — faqat o‘zimni emas, balki butun advokatlik jamoasini himoya qilishga urindim. Huquqiy davlatda har bir advokat oltinga teng», — dedi u.

Hook.report va AsiaTerra nashrlarida e'lon qilingan maqolalar tarjimasi asosida tayyorlandi.

Obuna bo‘ling: https://t.me/UzFoHR

Tag‘in o‘qing
24 december 2021
O‘zbekistonlik sharqshunos olim, marhum Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova 16 dekabr kuni Toshkent shahri Uchtepa sudiga apellyatsiya shikoyati topshirdi. ...
17 august 2020
Rossiya va Belarus harbiy jamoalari “ArMI-2020” xalqaro armiya o‘yinlarining “Yo‘l patruli” musobaqalarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi. Rossiya Mudofaa ...
6 november 2025
Bilmaganlar bilib qo‘ysin. Suratdagi bu tip Prezident moratoriylariga zid ravishda 144ta daraxtni kesib tashlashga buyruq bergan Baxtiyor Rahmonov bo‘ladi. ...
5 august 2020
Kiev markazida bankni portlatish bilan tahdid qilgan O‘zbekiston vatandoshi bir necha soat davomida muassasa direktorini garovda ushlab turganidan so‘ng ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...