Asosiy mavzular
17 february 2020

Mirziyoevning Kremlga tashrifi nega kechiktirildi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga fevral oyi boshida bo‘lishi rejalashtirilgan, ancha ovoza qilingan davlat tashrifi joriy yil iyun oyining ikkinchi yarmiga qoldirildi.

Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov ma'lum qildi.

Mazkur tashrif joriy yil fevralda bo‘lishi ovozasi tarqaganiga bir necha oy bo‘lgan va rasmiy doiralar tomonidan tasdiqlangan edi.

Xususan, o‘tgan yil oktyabrda O‘zbekistonga kelgan Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matvienko birinchilardan bo‘lib Mirziyoevning Moskvaga tashrifi haqida gapirgandi.

“Biz O‘zbekiston prezidentining kelasi yil fevraldagi davlat tashrifiga jiddiy tayyorlanyapmiz. Uning doirasida davlatlararo va hukumatlararo 12 ta hujjat imzolanishi rejalashtirilyapti”, degandi o‘shanda Matvienko.

Shundan so‘ng bu xabarni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev, bugun tashrifning yangi sanasini e'lon qilayotgan Ilhom Ne'matovning o‘zi ham tasdiqlagandi.  

Ammo keyinchalik, 2020 yil yanvarda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgan Mirziyoev tashrif iyulga qoldirilganini aytgandi.

Fevralga kelib esa Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov: “5 fevralda hech qanday tashrif rejalashtirilmagan. Shuning uchun hech qanday qoldirish to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu noto‘g‘ri axborot”, degandi.

Shuncha rasmiylar tasdiqlagan davlat tashrifining vaqt o‘tib rad etilgani, endi dastlabki belgilangan muddatdan qariyb besh oy kechiktirilayotganiga sabab nima?

“O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga qo‘shilishi masalasida o‘zbek jamiyatining fikri ikkiga bo‘linib qoldi, – deydi “Eltuz”ning mas'ul idoralardagi manbalaridan biri. – Shu bois prezidentimiz Oliy Majlisga murojaatnomasida ham bu masala xalq fikri asosida hal etilishini bildirdi. 

Davlat tashrifi doirasida YeOIIga a'zolik bo‘yicha muhim kelishuvlar belgilangandi. Hozir hukumatda bu masalada yakdillik yo‘q va kelishuvlar nihoyasiga yetmay qoldi.

Jizzaxda AES qurish loyihasi bo‘yicha ikkilanishlar ko‘p. Yana ba'zi bir mavzularda, masalan, mehnat migrantlari bo‘yicha hali yechimi yuzasidan yakuniy qarorga kelinmagan masalalar bor.

Menimcha, davlat tashrifining kechiktirilishi shu kabi omillar bilan bog‘liq. Bunda xalqning fikri, kayfiyati ham o‘ziga xos rol o‘ynagan bo‘lishi tabiiy”.

Albatta, avvaldan e'lon qilingan tashrifning keyinchalik qoldirilishiga har ikki davlat rahbarining ish jadvallari to‘g‘ri kelmay qolgani ham sabab bo‘lishi mumkin.

Har holda haqiqatan ham o‘zbek xalqi manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha  Rossiya bilan qandaydir masalada kelishmaganlik oqibatida Mirziyoevning Moskvaga tashrifi qoldirilgan bo‘lsa, bundan faqat quvonish kerakka o‘xshaydi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 march 2016
Ekipaj a'zolarining barchasi BAA fuqarolari bo‘lgani, shuningdek, yo‘lovchilardan 5 nafari xorijlik ekani aytilmoqda. Xabar qilinishicha, yo‘lovchilarning 2 nafari ukrainalik, ...
15 august 2025
So‘nggi vaqtlarda ayrim shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni diniy ta'lim olish uchun chet elga chaqirish holatlari kuzatilmoqda. Din ishlari ...
3 july 2018
Toshkent tumain hokimligi kafolati bilan Turkiyadan qaytgach, 26 iyunda hibsga olingan yirik tadbirkorlar Obid va Olim Bahromovlar Davlat xavfsizlik ...
22 september 2025
Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Katta Qarshi mahallasi aholisi elektr infratuzilmasi yangilanishida adolatsizlikka duch kelayotganini ma'lum qilmoqda. 2025 yilda davlat ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...