«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 18-qism
Muhammad Solih
Karimovning Alparslon Turkash Beyga javob xati
(kitobning davomi)
Bu voqeadan to‘rt oy o‘tgandan so‘ngra Milliyatchi Harakat Partiyasi ofisidan yana faks orqali ikki sahifalik maktub keldi. Bu Karimovning Alparslon Turkash Beyga yozgan javobi edi:
«Turkiya Milliy Harakat Partiyasining Bosh raisi
Alparslon Turkash
Janoblariga
Hurmatli janob Alparslon Turkash,
Menga O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi orqali 1996 yilning 4 avgustida yo‘llagan dono fikrlarga boy maktubingizni katta e'tibor va hurmat bilan o‘qib chiqdim.
O‘zbekistonning mustaqillik yillari mobaynida erishgan yutuqlariga bergan bahongiz meni juda taassurlantirdi.
Tariximiz va yuksak madaniyatimiz tufayli bizning ulug‘ ota-bobolarimizni nafaqat O‘zbekistonda balki boshqa mamlakatlarda ham hurmat va ehtirom bilan tilga oladilar.
Xalqimizning fidokorona mehnati, uning qardosh xalqlar oilasida munosib o‘rin olishga intilishi, mintaqada tinchlik va izchillik bilan olib borayotgan siyosati – bularning barchasi Yaratganning rahmati bilan mamlakatimizda amalga oshirilmoqda.
Biz Turkiya xalqi, uning rahbariyati, jamoatchligi va Siz janob Alparslon Turkash, kabi uning e'tiborli namoyandalarining shu siyosatimizni o‘tkazishda bizga berayotgan yordami va e'tiborini yuqori baholaymiz.
Mustaqilligimizning besh yilligi, biz tanlab olgan o‘zimizga xos va o‘zimizga mos yo‘limizning xalqimiz va jamiyatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘yini mustahkamlash, jamiyatimizni jipslashtirish yo‘lini to‘g‘ri ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Biz oldimizda xali juda ko‘p qiyinchilik va muammolar borligini tushunamiz. Mintaqadagi notinch vaziyat bizdan nihoyatda jipslashishni va O‘zbekistonning barcha inson va fuqarolaridan ularning e'tiqodi va duyoqarashlaridan qat'iy nazar hamjihatlikni talab qiladi va biz bu yo‘ldan og‘ishmay boramiz.
Bizning tariximiz bir, bir butun xalqmiz va barchamiz bu xalqqa munosib hayot yaratish uchun bor kuchimizni berishimiz, shu xalq uchun yashash va mehnat qilishni o‘zimizga faxr, deb bilishimiz lozim.
Mustaqilligimizning qisqa davrida biz murakkab va qiyin yo‘lni bosib o‘tdik. Shunday kishilar bor edilarki, ular tanlagan yo‘limiz uchun kurashdilar, ba'zilari bizga ishonmadilar, ba'zilari esa xato qildilar, biroq ularning hech birini xalqimizning dushmani deb hisoblamaymiz. Agar bundaylar shu bugun o‘z xato va yanglishganliklarini tushunib yetgan bo‘lsalar hech kim ularni mehnat qilish va O‘zbekiston kelajagi va farovonligiga o‘z hayotini bag‘ishlash huquqidan mahrum etmaydi.
Janob Muhammad Solihga keladigan bo‘lsak, u ham boshqalar kabi xuddi shu yo‘ldan borishi mumkin, ammo buning uchun oldindan qandaydir shartlar yoki ahdlashuvlar qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmas, hamma narsa hech qanaqa shartsiz va jamiyatda yuqori lavozim yoki alohida o‘rin egallashga da'vosiz bo‘lishi lozim. Siz o‘zingiz janob Alparslon Turkash hamma narsa O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq bo‘lishi shart ekanligini yaxshi tushunasiz.
Kamoli ehtirom bilan
Imzo
Islom Karimov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
Toshkent shahri,
1996 yil, 18 noyabr
1-1973
I.KARIMOVNING ALPARSLON TURKAShGA YoZGAN JAVOB XATINING
ORIGINALI
1-chi varaq

2-chi varaq

YaNA TURKIYa
Diplomatik pasportim muddati 1995 yil 28 aprelda tugagan edi. Tanish-bilish qilib, familiyamizni o‘zgartirgan holda, xonimim va o‘zimga Qozog‘istonning «pasporti»ni olgandik. Bu hujjat bilan 1995 yilda Frankfurtdan Istanbulga ham bir marta xufiya kelib, farzandlarimizni ko‘rib ketgandik..
1996 yil iyun oyida Najmiddin Erboqon Turkiyaning Bosh vaziri bo‘ldi. Uning hukumatida «turk dunyosi ishlari bo‘yicha» vazir etib millat vakili Abdulloh Gul tayin etildi.
Abdulloh Gul bilan biz 1994 yil Strasburg shahrida Ovrupo Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bir majlisida tanishgandik. Vazir tayinlangandan so‘ng menga «Turkiyaga kelishingiz mumkin, sizga to‘siq yo‘q», deya xabar yubordi.
Juda sevindik, xonimim bilan Turkiyaga bilet oldik va 27 iyul kuni Istanbulga keldik. Turkiyaga katta umidlar bilan qaytdim.
1993 yilda bu yerga kelib, siyosiy faoliyatimizni endi jonlantira boshlaganimizda O‘zbekistonning bosimi bilan Turkiyadan quvib chiqarilishimiz tashkiliy ishlarimizga katta zarar bergandi. Gazetamiz Kievda chiqa boshlagandi, ammo muttasillik yo‘q edi. Haftalik gazeta har hafta emas, oyda bir marta, ba'zan ikki marta chiqardi, xolos. Va uning Kievdan O‘zbekistonga intiqoli (etishi) ham juda qiyinlashgandi.

«RAFOH” PARTIYaSI IQTIDORI
Turkiyada “Rafoh” partiyasi lideri Najmiddin Erboqon boshchiligida ko‘rilgan koaliatsion hukumat faqat biz, Turkistonlik siyosiy muhojirlardan emas, balki butun dunyodagi siyosiy islom tarafdorlarida bir umid uyg‘otgandi. 1926 yil tug‘ilgan Dr.Najmiddin Erboqon dindor siyosatchi, islom davlati tarafdori sifatida talqin etilishiga qaramasdan so‘ng darajada modern qarashlar sohibi bir muhandis edi. Doktorlik dissertatsiyasini Olmoniyaning Aachen universitetida yoqlab, «Deutz AG Motor» fabrikasida «Leopard 1» tankining motor loyihasini chizishda Bosh muhandis o‘laroq ishtirok etgan bir shaxsiyat edi.
Erboqon Turk xalqi orasidagi shuhrati uning 1974 yil Shimoliy Qibrisni ozod qilishda ko‘rsatgan siyosiy jasorati bilan muhrlandi. Qibris Rum boshqaruvi Turk ozchiligiga o‘tkazgan zulm cho‘qqiga chiqqanda Turk armiyasiga Qibrisni ishg‘ol etish buyrug‘ini Premer Ministr vazifasini bajarayotgan Erboqon berdi.
Premer Ministr Buland Ejevit chet elda safarda ekan, bunday tarixiy missiya Erboqon zimmasiga tushdi va u bu ishni a'lo darajada ado etdi.
Kaminaga Turkiya yo‘lini ochgan shu zotning hukumati bo‘ldi.
Turkiyaga kelganimdan bir hafta so‘ngra hukumatning Turk dunyosi ishlaridan mas'ul vaziri Abdulloh Gul uchrashuvga chaqirdi. Anqarada vazirlik ofisida ko‘rishdik. O‘zbekistondagi vaziyatni muhokama qildik. Vazir harakatimizni bu yerda davom ettirishimizga to‘siq yo‘k ekanini rasman bildirdi.
Keyin, yana bir necha kun so‘ngra Bosh vazir Najmiddin Erboqon bilan uchrashib, ancha suhbatlashdik. U ham bizning harakatimizni ma'naviy qo‘llab-quvvatlashini izhor qildi. Faqat O‘zbekiston bilan Turkiya orasidagi munosabatlarga zarar bermaydigan shaklda faoliyat ko‘rsatsangizlar mamnun bo‘lamiz, deya istak bildirdi.
Ammo Turkiya Bosh vaziri Najmiddin Erboqoning bu ehtiyotkorligi O‘zbek diktatori Islom Karimovning Turkiyaga, ayniqsa, Erboqonga munosabatini yumshatmadi. Chunki Erboqon o‘z qarashlarini gizlab-yashirmagan dangal inson edi. U xam ayni Turg‘ut O‘zol kabi, O‘zbekistonda 1991 yil o‘tgan Prezidentlik saylovlarida Karimovning yutqazganini bilardi. O‘zbekistondagi eski kommunistlar yeriga milliy shuurdagi insonlarning kelishini orzu qilardi. Bu orzusini parda orqasida emas, ochiq aytish jasoratiga sohib lider edi.
Turkiya Jumhuriyati Bosh Vaziri Najmiddin Erboqonning «Kurolsiz kishining ozodligi» xujjatli filmiga bergan intervyusi(matn uning ovozidan yozib olingan):
«Biz Muhammad Solih birodarimiz bilan ko‘p xalqaro anjumanlarda ko‘rishganmiz va dunyo masalalarini muhokama etganmiz. Milliy shuur sohibi Muhammad Solih O‘zbekistonning mustaqil bo‘lishi va taraqqiy topishini istagan kurashchi birodarimizdir. Bu kurashchi birodarimizning faoliyati rivoj topishidan umidvormanki, Muhammad Solih vositasida butun Islom olami O‘zbekistonday bir birodar o‘lkani bag‘riga bossin. O‘zbekiston bu– barchamizning faxrimiz bo‘lgan Islom olimlarini yetishtirib bergan bir muazzam madaniyat markazidir. Biz O‘zbekiston bilan faxrlanamiz.O‘zbekiston ham tarixiy, ham strategik jihatdan yetakchilik qilishga loyiq bir o‘lkadir. O‘zbekiston masalasi bu – butun dunyoning najot masalasidir. Bunga erishmoq uchun esa O‘zbekistonda Muhammad Solih va u kabi fikrlovchi insonlar hokimiyat ta'sis etmoqlari lozim. Muhammad Solih bugunga qadar O‘zbekistonda siyosiy jihatdan katta muvaffaqiyatga erishgan insondir. O‘zbekistonning o‘z tarixiy o‘rnini egallashi uchun eng munosib tarzda voyaga yetgan birodarimizdir. Biz doim Muhammad Solih haqida sevib eslaymiz va faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz».
Islom Karimov Erboqonning bu qarashlarini juda yaxshi bilgani uchun ham 90-yillar oxirida Kozog‘iston ziyoratidan so‘ng, O‘zbekistonga o‘tib, Samarqand va Buxoroni ziyorat qilishni istaganida Karimov unga izn bermagan edi.
Shunday qilib, “ERK” partiyasining xorijdagi markaziy ofisi takror 1996 yil kuzida Istanbulga ko‘chib o‘tdi. (Ammo bu safar yurt tashqarisidagi taqimimiz ancha kichrayib, to‘rt kishi qolgandi. Gazeta nashrida muhim o‘rin tutgan yosh kadrlarimiz O‘zbekistonga qaytib ketishgandi. Ularni KGB ancha so‘roqqa tutib qiynashdi, ammo nihoyat ayb topa olmasdan, tinch qo‘yishdi. Bundan foydalangan yigitlar “Bi-Bi-Si” va “Ozodlik” radiolarining muxbirlari sifatida Toshkentda faoliyat yurita boshladilar).
Istanbul men uchun shu qisqa 3-4 yil ichida bir Toshkentga aylandi. Hatto, do‘stlar bilan telefonda gaplashar ekan, «ertaga Toshkentga uchyapman, o‘sha yerda ko‘rishamiz» deyman va qahqaha otaman: «e, uzr, men «Istanbul» demoqchiydim, «Toshkent» bo‘lib ketdi», deya do‘stlardan uzr so‘rayman.
Rafiqam Oydin xonim ham Istanbulga kelgan kuni «xuddi men bu yerda yashagandayman, ayni hisni men Toshkentga ilk kelganimda ham yashagan edim» deya mistik kayfiyatni yana-da teranlashtirib turardi.
Oilamiz bilan Adib Oqbayram ijrosidagi «Bekla bizni Istanbul» qo‘shig‘ini sevardik. Bu qo‘shiq musiqasidagi viqorli romantizm bizni juda ta'sirlantirardi.
Salqin- salqin tong yellari esganida Moviy to‘lqinlarni yirtgan kemalaring-la, Uzoqdan seni o‘ylayman, o‘ylayman Istanbul.
Ming bir ustunli Xolichingda oqshomlar
Orollaringda bahor, Sulaymoniyangda quyosh, Ey, sen na go‘zalsan, g‘avg‘omizning shahri, Istanbul!
Behuda chekilmadi buncha azoblar
Buyuk va sokin Sulaymoniyang-la bekla
Parklaring-la, ko‘priklaring-la, maydonlaring-la
Bekla bizi Istanbul
To‘pxonangning qorong‘i so‘qoqlarinda quchoqlashib yotgan bolalaring-la bekla. Bekla,zafar qo‘shiqlari ila kechishimizni, Istanbul.
Haromiylarning saltanatini yiqajakmiz,
Bekla, u kunlar kelsin, kelsin Istanbul, Sen bizga loyiqsan, biz-da senga, Istanbul, Istanbul!
1996 yoz oyidan 1997 yil yozigacha Turkiyada emin-erkin faoliyat ko‘rsatdik.
O‘zbekiston bilan uzluksiz aloqa o‘rnatildi. Hatto ba'zi o‘zbek hukumatiga yaqin shaxslar ham biz bilan ko‘rishish jasoratini namoyish qila boshladilar. Bu, albatta, diktatorni bezovta qildi.
Turkiya tashqi ishlar vazirligidagi bir do‘stimiz «O‘zbekistonning sizlarni faoliyatingizdan noroziligi oshib boryapti, ammo Erboqon hukumatiga so‘zi o‘tmaydi, Jumhurraisi (prezident) Sulaymon Demiralga Karimov telefon qilib, shaxsan shikoyat qilgan, ammo u ham Erboqonga bir so‘z aytolmadi», dedi.
Ammo bizni huzursiz qilgan o‘zbek diktatorining bolalarcha xarxashasi emas, balki Turkiya ichidagi tobora taranglashib borayotgan ichki siyosiy vaziyat edi. To‘g‘rirog‘i, harbiylar bilan dindor qatlam tamsilchisi sanalgan hukumat o‘rtasidagi ziddiyat kundan kunga chuqurlashayotgani edi.
