Asosiy mavzular
9 december 2025

Zo‘ravonlik qurboni uchun qisman adolat…

Ikki mansabdorga hukm o‘qildi, qolgan to‘qqiz kishi jazosiz qolmoqda

IIB xodimlari tomonidan shafqatsiz kaltaklanib, yechintirilgan va videoga olingan maktab direktori Gulira'no Qosimova ishi 2025 yilda O‘zbekistondagi eng dahshatli inson huquqlari buzilishi hodisalaridan biri sifatida jamoatchilik diqqat markaziga aylandi. Apreldagi soxta “tezkor tadbir” sifatida boshlangan voqea mahalliy OAVda yoritilgandan so‘ng katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Qosimovaning jasorat bilan bergan intervyu va ko‘rsatmalari ishni sudgacha olib borib, Furqat tuman IIB boshlig‘i hamda uning o‘rinbosarini javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ldi. Biroq jarayon faqat ikki nafar aybdorni qamrab olib, qolgan to‘qqiz nafar IIB xodimlari hali-hamon jazosiz qolmoqda.

1/ Tizimli huquqbuzarlik 

2025 yil noyabr oyining oxirida Kuva tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi mazkur ish bo‘yicha hukm chiqardi. Furqat tumani sobiq IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jaev va uning o‘rinbosari Jasurbek Rasulovga 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni nisbatan yengilroq tartibdagi “manzil koloniya”da o‘tash belgilangan. Jabrlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan zo‘ravonlik va tahqirlash darajasi inobatga olinganda, bu jazo juda yengil hisoblanadi.

Gulira'no Qosimova va uning tanishi, tuman soliq inspektsiyasi sobiq rahbari Qurbonali Abdurahmonov 2025 yil 17 aprel kuni soxta operatsiya qurboniga aylangan. Bu “operatsiya” Abdurahmonov tuman IIB boshlig‘ining xodimlar uchun 20 ta televizor olib berish talabini rad etganidan keyin, unga “zo‘rlash” ayblovini “bo‘yniga ilish” maqsadida uyushtirilgan.

Qosimova Abdurahmonovning uyiga kelgan paytda, o‘n nafar IIB xodimi eshikni qoqmasdan bostirib kirib, ularni kaltaklab, yechintirib videoga olgan va Qosimovadan kamera oldida Abdurahmonovga qarshi ko‘rsatma berishni talab qilishgan.

Sudda ikki asosiy aybdorga bir qator og‘ir jinoyatlar qo‘yildi: shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma'lumotlarni oshkor qilish, fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish, qalbakilashtirish, qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topgan. Biroq bu jinoyatda bevosita ishtirok etgan yana to‘qqiz kishi umuman javobgarlikka tortilmadi va o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Oktyabr va noyabr oylari davomida sud jarayoni asosiy guvohlarning kelmasligi, “davlat sirlari” bahonasi bilan yopiq eshituvlar o‘tkazilishi va OAVning zaldan chiqarib yuborilishi bilan murakkab kechdi. Qosimova esa kamsituvchi munosabatlarga qarshi norozilik bildirgani uchun sud zalidan chiqarib yuborildi. 7 noyabrda uning ochiq videomurojaatidan so‘ng sud 12 noyabrdan boshlab jarayonni matbuot uchun ochdi.

Bir-biriga zid ko‘rsatmalar va muvofiqlashtirilgan zo‘ravonlik

18 oktyabr va 25 noyabrdagi sud eshituvlari voqeadagi zo‘ravonlik masshtabini anglash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Soxta “operatsiya” vaqtida Abdurahmonov o‘zini kaltaklab pastga sudrab tushirishgani, Qosimova esa yuqori qavatda bir necha xodim bilan qoldirilgani va uning chinqiriqlarini eshitib turganini aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkalasini ham majburlab bir xonaga kiritib, “jinsiy munosabat” bo‘lgani haqidagi soxta dalilni yaratish uchun videoga olishga urinish harakatlari paytida, o‘zini tuzoqqa tushirishmoqchi bo‘lishganini tushungan.

Keyingi ko‘rsatmalar ayblanuvchilarning o‘z xatti-harakatlarini izohlashdagi jiddiy ziddiyatlarni ochib berdi. Xo‘jaev amaliyotni voyaga yetmagan shaxs bilan bog‘liq gumonli holatning oldini olish bo‘yicha “tezkor tadbir” sifatida tasvirladi, biroq voqealar rivoji, vaqt va sabablar haqidagi bayonoti videoyozuvlar va IIB qo‘ng‘iroq jurnallari bilan keskin qarama-qarshi keldi. U Qosimovaning tan jarohatlari, tahqirlanishi va majburlanishi uchun javobgarlikni inkor etib, o‘z bayonotini o‘qib eshittirgandan keyin prokurorning savollariga javob berishdan bosh tortdi. 

Xo‘jaevning o‘rinbosari Rasulovning ko‘rsatmalari ham vaziyatga oydinlik kiritmadi. U “faqat buyruqni bajarganini” aytdi va bir necha hafta avval soliq inspektori uyidagi “gumonli holat” haqida qo‘ng‘iroq kelib tushganini da'vo qildi. Uning ta'kidlashicha, Qosimova va Abdurahmonov “nomaqbul holatda” ushlangan, barcha zo‘ravonlik ayblovlari esa OAV tomonidan “bo‘rttirilgan va adolatsiz”.

Eshituvlar davomida esa tergov jarayonida bir xil ko‘rsatma bergan ayrim xodimlar sudda keskin boshqacha bayonot berishdi. Bu esa aybni yashirish va savollardan qochish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar bo‘lishi mumkinligi haqida jiddiy shubhalar uyg‘otdi.

Qisman adolat

28 noyabr kungi qarorda sud faqat ikki aybdorni jinoiy javobgarlikka tortdi, ammo hukm matnining o‘zi hodisada bevosita ishtirok etgan kamida to‘qqiz nafar boshqa xodimni ham tan oldi. Ulardan ba'zilari Qosimova va Abdurahmonovni kaltaklagani, kameralarni navbatma-navbat yoqib-o‘chirib turgan holda zo‘ravonlikni yopmoqchi bo‘lgani, Qosimovadan soxta ariza yozib berishni talab qilgani sudda aniq qayd etilgan. Shunga qaramay, ushbu xodimlarning birortasi ishdan chetlatilmagan yoki ayblov qo‘yilmagan.

Hukmdan keyin Qosimova Kun.uz saytiga bergan intervyuda sud ishining yakunlanganidan yengil tortgani, ammo adolat hali to‘liq qaror topmaganini aytdi:

«… bu, ishoning, siz o‘ylagan darajada xursand bo‘ladigan holat emas. To‘g‘ri, haqiqat qaror topyapti… O‘sha joyda bo‘lgan, qatnashgan, qolgan ichki ishlar xodimlarining harakatlari ham o‘rganib chiqilishi yuzasidan xabarnoma viloyat prokuraturasiga yuborildi».

Bu ish qonunni selektiv qo‘llash va huquqni muhofaza qilish organlaridagi mavqe va ta'sir omillari sud tizimida qanday ustuvor ahamiyat kasb etayotganini juda ochiq ko‘rsatdi.

Inson huquqlari bo‘yicha “O‘zbek Forum” tashkiloti avvalroq qashqadaryolik o‘qituvchi va huquq himoyachisi Dildora Haqimovaga nisbatan o‘ta shafqatsiz jazo qo‘llanayotgani haqida ham xabar bergan edi. U shubhali “talonchilik” ayblovlari bilan 6 yilga yopiq turdagi qamoqxonaga hukm qilingan, chaqaloq qizini ham uch oyda bir marta ko‘ra oladi. Sog‘lig‘i kechiktirib bo‘lmas davolanishni talab qiladigan og‘ir tibbiy holati ham hukumatni jazo yoki qamoq shartlarini yengillashtirishga unday olmadi.

O‘zbekiston hukumati sud-huquq islohotlarini inson huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan keng majburiyatlarning bir qismi sifatida namoyon qilayotganini ta'kidlab keladi. Biroq ushbu keyslar qiynoq va zo‘ravonlik holatlari hali-hamon jazosiz qolishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Hukumat jabrlanuvchi tomonidan nomi ko‘rsatilgan barcha xodimlarni darhol lavozimidan chetlatib, to‘liq, shaffof va xolis tergov o‘tkazishi shart. Faqat har bir aybdor javobgarlikka tortilganida va qiynoq barcha darajada mutlaq rad etilgandagina O‘zbekiston haqiqiy islohotlarga sodiq ekanini amalda namoyon etadi.

Obuna bo‘ling: https://t.me/UzFoHR

Tag‘in o‘qing
28 october 2025
O‘g‘uz va Gulnor bir-biriga qaradi. O‘g‘uz Gulnorning ko‘zlarida hech qachon ko‘rmagan bir porlashni ko‘rdi. Ismoillidagi rasmiy ziyoratdan so‘ng, o‘rmonda ...
13 july 2016
Turli nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbeknavo raxbari Farhod Jo‘raevning xonandaga sahnaga chiqish emas, ruhshunosga uchrash tavsiyasini bergani haqidagi xabar ...
3 september 2018
Gruziyadan chemodon ichida yashirinib Turkiyaga o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik 27 yashar F.T. ismli ayol ushlandi. Turk nashrlarining 1 sentyabr kuni ...
16 february 2021
Prezident Shavkat Mirziyoev yoshlarni ish bilan ta'minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish vazifasi Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirilganini joriy ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...