15 yanvar – Martin Lyuter King tug‘ildi
Martin Lyuter King nafaqat AQSh tarixida, balki butun dunyoda inson huquqlari, tenglik va adolat ramzi hisoblanadi. Uning hayoti va faoliyati millionlab insonlarning fikrlashini o‘zgartirgan.
U 1929 yil 15 yanvarda Jorjiya shtatining Atlanta shahrida pastor oilasida tug‘ilgan. U juda iqtidorli bo‘lib, maktabni erta tamomlagan va 15 yoshidayoq kollejga o‘qishga kirgan. Teologiya sohasida doktorlik darajasini olgan.
U Mahatma Gandining «kuch ishlatmasdan qarshilik ko‘rsatish» (non-violence) falsafasini chuqur o‘rgangan va uni Amerikadagi irqiy ajratish (segregatsiya) tizimiga qarshi qo‘llashga qaror qilgan.
Montgomeridagi avtobus boykoti
Kingning siyosiy yetakchi sifatida tanilishiga 1955 yildagi voqea sabab bo‘lgan. Qora tanli ayol Roza Parks avtobusda oq tanli kishiga joy berishdan bosh tortgani uchun hibsga olinadi.
Shundan so‘ng King boshchiligida qora tanli aholi 381 kun davomida avtobuslardan foydalanishdan bosh tortadi.
Bu iqtisodiy bosim natijasida AQSh Oliy sudi avtobuslardagi irqiy ajratishni qonunga xilof deb topadi. Bu Kingning birinchi yirik g‘alabasi edi.
«Menda bir orzu bor«
1963 yil 28 avgustda Vashingtonda «Ish va ozodlik uchun yurish» tashkil etiladi. Unda 250 000 dan ortiq odam qatnashadi. Linkoln memoriali poyida King o‘zining mashhur nutqini so‘zlaydi:
«Menda bir orzu bor: kun kelib mening to‘rt farzandim terisining rangiga qarab emas, balki insoniy fazilatlariga qarab baholanadigan mamlakatda yashaydi.»
Bu nutq Amerika jamiyatini uyg‘otdi va 1964 yilda «Fuqarolik huquqlari to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishiga turtki bo‘ldi. Bu qonun bilan irqiy kamsitish rasman taqiqlandi.
Nobel mukofoti va suiqasd
1964 yil Martin Lyuter King 35 yoshida irqiy tengsizlikka qarshi tinch yo‘l bilan kurashgani uchun Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘sha vaqtda u ushbu mukofotni olgan eng yosh erkak edi.
1968 yil 4 aprel kuni Memfis shahrida unga qarshi suiqasd uyushtirildi. Bu shaharga u qora tanli chiqindi yig‘uvchilarning ish tashlashini qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan edi. U yerda ikki ishchi halok bo‘lgan va ishchilar bu kabi nohaqlik, past maosh, yomon mehnat sharoitlariga qarshi norozilik bildirishayotgan edi.
Shu kuni kechga yaqin King Lorraine» motelining balkoniga chiqadi. Pastda turgan do‘stlari bilan gaplashayotgan vaqtda, ko‘chaning narigi tomonidagi binodan o‘q uziladi. O‘q uning o‘ng yuziga tegib, bo‘yni va orqa miyasini shikastlaydi. U tezlik bilan shifoxonaga yetkaziladi, biroq soat 19:05 da uning joni uziladi. U bor-yo‘g‘i 39 yoshda edi.
Uning o‘limi butun dunyoni larzaga soldi va ko‘plab mamlakatlarda motam e'lon qilindi.
Qotil — qamoqdan qochgan jinoyatchi Jeyms Erl Rey bo‘lib chiqdi. U suiqasddan so‘ng qochishga muvaffaq bo‘ladi. Biroq iyun oyida u Londonning Xitrou aeroportida soxta pasport bilan qo‘lga olinadi. U 99 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va 1998 yilda qamoqda o‘lgan.
Kingning merosi va ahamiyati
Martin Lyuter Kingning asosiy yutug‘i shundaki, u nafratga nafrat bilan emas, balki muhabbat va mantiq bilan javob berish mumkinligini isbotladi. Uning harakatlari natijasida AQShda qora tanlilar ovoz berish huquqiga to‘liq ega bo‘ldilar.
Maktablar, restoranlar va transportdagi «faqat oqlar uchun» degan tahqirli cheklovlar bekor qilindi.
Uning falsafasi keyinchalik Janubiy Afrikadagi aparteidga qarshi kurashda Nelson Mandela kabi yetakchilarga ilhom berdi.
Har yili yanvarning uchinchi dushanbasi AQShda «Martin Lyuter King kuni» sifatida umumxalq bayrami va dam olish kuni deb nishonlanadi.
