Xalqni puli kimga sarflanishi kerak?
«Ishonch» fondi atrofidagi savollar
Toshkentlik faol Irina Matvienko, «Ishonch» jamg‘armasi huzuridagi fuqarolik jamiyati Maslaxat kengashi a'zosi sifatida, yaqinda muhim savolni ko‘tardi — unga aniq va asosli javob olish nafaqat zarur, balki o‘zbek jamiyati uchun foydadan holi bo‘lmaydi. Chunki gap xalq mablag‘lari haqida ketmoqda.
Irina Matvienko o‘z feysbuk sahifasida 21 may kuni «Gulnora Karimovadan qaytarilgan, O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlangan pullar nimalarga sarflanmoqda?» nomli quyidagi postni qoldirdi:
Men “Ishonch” jamg‘armasining fuqarolik jamiyati bo‘yicha maslahatchi kengashi a'zosiman. Jamg‘arma Gulnora Karimovadan Shveytsariya orqali qaytarilgan mablag‘larni boshqaradi. Yaqinda jamg‘arma saytida Kotibiyatning 2024 yildagi xarajatlari 2 million dollardan oshganini ko‘rib hayratga tushdim. Savol berganimda, jamg‘arma rahbari Yonas Astrup bu mablag‘lar 2022–2024 yillar oralig‘ida sarflanganini aytdi. Men bu xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni so‘radim — ish haqi, shartnomalar va h.k. Ammo hech qanday javob olmadim. U faqat BMTning xaridlar saytiga qarashni taklif qildi — u yerda esa kerakli ma'lumotlar yo‘q.
Yonas moliyaviy masalalar Administrativ agent vakolatiga kirishini, va faqat keyin uchrashuv bo‘lishi mumkinligini aytdi. Lekin hujjatlar taqdim etilmayotgan bir paytda uchrashuv qanday mantiqqa to‘g‘ri keladi? 2 million dollar — bu juda katta pul. BMT yoki Shveytsariya bergan yordam emas, O‘zbekiston xalqining puli. Uning har bir tiyini qaerga sarflanganini xalq bilishi shart. Hozircha esa, hatto biz — fuqarolik jamiyati vakillari ham bundan bexabarmiz.
2022 yildan boshlab Shveytsariya tomonidan korruptsiya yo‘li bilan o‘zlashtirilgan va shu sababli musodara qilingan Gulnora Karimovaga tegishli millionlar O‘zbekistonga qaytarilmoqda. Karimovaga tegishli mablag‘lar Shveytsariya banklarida saqlanib kelingan. 2022 yilda O‘zbekistonga 131 million dollar qaytarilgan bo‘lsa, 2025 yilda yana 182 million dollar yuborilishi kutilmoqda. Shveytsariyadagi banklarda jami 900 million dollarga yaqin mablag‘ muzlatilgan.
Bu mablag‘lar O‘zbekiston xalqi manfaati yo‘lida sarflanishi kerakligi – aktivlarni qaytarish to‘g‘risidagi xalqaro memorandumda qayd etilgan. «O‘zbekiston xalqi manfaati» tushunchasi keng bo‘lishi mumkin, ammo aniq rejalar belgilangan: tibbiyot va ta'lim sohalariga karatilgan dasturlarga sarflash. Shu maqsadda «Ishonch» fondi tashkil etildi.
Fond mablag‘larini boshqarish xalqaro shaffoflikni ta'minlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) agentliklariga topshirildi. Ammo amaliyotda BMT – katta byurokratiya, past samaradorlik va xodimlar uchun juda yuqori maoshlar bilan ajralib turadi. Masalan, Toshkentdagi “Ishonch” fondi kotibiyati ehtiyojlarini qoplash uchun 2,2 million dollar sarflangan.
Muammo nimada? «Ishonch» fondi kotibiyatida ishlash uchun favqulodda qobiliyat talab qilinmaydi. U holda, nega xodimlarga yuqori maoshlar belgilangan? Nima uchun ma'muriy xarajatlar bunchalik yuqori? Bu savollar javob talab qiladi.
Yechim sifatida ma'muriy xarajatlarni qisqartirish, o‘zbekistonlik halol va malakali mutaxassislarni jalb qilish mumkin. Eng muhimi, mablag‘lar qanday sarflanayotgani fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat Maslaxat Kengashi tomonidan monitoring qilinishi kerak. Bu mablag‘lar shaffof, hisobdorlik mezonlari va jamoat manfaatiga mos ravishda boshqarilishi lozim.
