Asosiy mavzular
4 february 2019

Bosh vazirdan ulgi olgan hokim

Tadbirkorlikni himoya qilish shiorini ko‘tarib olgan amaldorlar aslida ishbilarmonlarning sa'y-harakatlariga eng katta to‘siq bo‘lib qolayotir.

Xorazmda o‘zi xon, ko‘lankasi maydon hokimdan jabr chekkan navbatdagi biznesmen turizmni rivojlantirish borasidagi balandparvoz siyosatga ishongan tadbirkor bo‘ldi.

“Xorazm beklari” MChJ tomonidan Urganch shahrida barcha rasmiyatchiliklari ado etilgan, ya'ni tegishli hujjatlar asosida qurilayotgan mehmonxona shaharning yangi hokimi buyrug‘i bilan buzib tashlandi.

Kun.uz saytining yozishicha, tadbirkor bu loyiha uchun bankdan 6,5 milliard so‘m kredit olgan. Imorat buzilgunga qadar kredit mablag‘laridan 4 milliard so‘mga yaqinini, o‘z mablag‘idan 1 milliard so‘mdan ortig‘ini sarflagan.

Shuncha mehnat, mablag‘, qanchadan qancha asablar sarflangan ish hokimning bir og‘iz topshirig‘i bilan yo‘qqa chiqdi.

Shahar hokimi Shuhrat Abdullaev “loyiha viloyat hokimi tasdig‘idan o‘tmagani, eski hokim yerni berib yuborgani”ni bahona qilib, buzg‘unchilikka bosh bo‘ldi.

Eng afsuslanarlisi, sudsiz, so‘rovsiz, tegishli hujjatlarsiz, bor-yo‘g‘i bir amaldorlarning og‘zaki buyrug‘i bilan qilinayotgan bunday ishlar O‘zbekiston uchun begona emas.

O‘tgan yil noyabrda Toshkentda “Unique arh project” shirkati tomonidan qurilgan turar joy binosi bosh vazirning xuddi shunday og‘zaki topshirig‘i bilan buzib tashlangan edi.

Shu kunlarda Yangibozor turbazasini Milliy gvardiya manfaati yo‘lida tortib olish harakatlari davom etmoqda. Holbuki, bu tuzilma uchun yangi, zamonaviy ob'ektni shu atrofdan qurish uchun barcha sharoitlar bor.

Urganchning hokimi ham buzg‘unchilik borasida kimdan ulgi olganini ko‘ryapsizmi? Hammasi tepadagilardan namuna olib qilinyapti.

Eng yomoni, shov-shuv ko‘tarilib, noqonuniy ish qilgani oydinlashgan hokimlar tadbirkorlarga yetkazilgan zararni davlat hisobidan qoplash (agar qoplansa) va'dasini berishmoqda.

Urganchdagi bitay deb qolgan mehmonxonani buzgan hokim ham “tadbirkorning yeri, bankdan olgan krediti va zararini qoplash masalalari ko‘rib chiqiladi”, deganda tadbirkorning zararini davlat hisobidan, ya'ni sizu bizning cho‘ntagimizdan to‘lashga ishora qilayotgani ko‘rinib turibdi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Bitta amaldorning gap-so‘zi bilan noqonuniy buzilayotgan bunday binolar tovonini nega o‘sha mansabdor emas, balki davlat to‘lashi kerak?

Axir qonun buzildimi, unga javob berish ham o‘sha qonunbuzar zimmasida bo‘lishi kerak emasmi?

Nega ularning ahmoqliklari uchun davlat byudjeti zarar ko‘rishi kerak?

Shuning uchun tadbirkorlik himoyasi haqida balandparvoz va'dalar qilayotgan hukumatga bitta taklif.

Qonuniy qurilishni noqonuniy ravishda buzayotganlarning bir-ikkitasi yetkazilgan zararni o‘z hisobidan qoplashiga erishish zarur. Ya'ni noqonuniy xatti-harakat uchun qonunan jazo qo‘llansin.

O‘shanda hukumatning siyosatiga ishonch ortishi bilan birga, o‘zini qonundan ustun ko‘radigan amaldorlarning esi kirarmidi!

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 january 2019
Bekobodlik nashavandning «qiynalib yetishtirgan nasha o‘simligi»ni IIB xodimlari olib qo‘yishgani haqidagi prezident qabulxonasiga 2019 yil 5 yanvarda jo‘natilgan shikoyati ...
18 january 2016
Rejalar zo‘r, aslidachi? Rasmiy nashrlarda yozilishicha, O‘zbekiston prezidenti Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida mamlakatning yalpi ichki mahsulotini 2030 yilgacha 2 barobar ...
22 december 2025
1882 yil 22 dekabr — Tomas Edison birinchi marta elektr yoritqichlari bilan bezalgan Yangi yil archasini ommaga namoyish qildi.  13 ...
18 april 2016
«Milliy tiklanish» gazetasi shu nomdagi partiyaning xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari tomonidan «xalq farovonligi» yo‘lida olib borilayotgan ishlar, ular ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...