Asosiy mavzular
26 november 2025

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan…» 2-qism

TsYeNZURA

Bu uchrashuvdan keyin ilk da'fa KGBning real tazyiqini sezdim. Ochiq emas, zimdan.

Yozuvchilar Uyushmasidagi xodimlarning mendan o‘zlarini olib qochishi, gazeta redaktsiyalardagi men bilan ehtiyotkorona suhbatlar, sirli kulib qo‘yishlar, bu dahshatli tashkilotning atrofimdagi insonlar vositasida o‘zini namoyish eta boshlaganidan darak berardi.

Eng qizig‘i, bunday tazyiq 1984 yil oxirida kelib, butun adabiyot ahliga o‘tkazila boshladi. Bu bir tasodifmidi yoki KPSS ning zaif General Kotibi Chernenkoning zaif kishiligini o‘rtish uchun KGBning boshlagan yangi strategiyasimi, bilib bo‘lmasdi.

Adabiyotdagi tsenzura balki Xrushchev davridan beri o‘zining eng katta zulmini o‘tkaza boshladi.

Xususan, milliy va diniy mavzulardagi matnlarga uyg‘ulangan shafqatsiz tsenzura bu mavzuda yozishni man qilish darajasiga olib keldi.

Har qanday bir asarda «xudo», «farishta», ”Qur'on» kabi kalimalar ularni qo‘llanishga jur'at etgan odam uchun tahlika tashiydigan bo‘lib qoldi.

Milliy va diniy ramzlarga qarshi kurash faqat adabiyotda emas, insonlarning kundalik turmushida ham boshlanib ketdi.

Bu urush edi. Bu urushga hech ikkilanmay kirgan ijtimoiy qatlam adabiyotchilar bo‘ldi. Ha, bizning milliy harakatlanishimiz avval adabiyotda paydo bo‘ldi. Avval she'rlarda, keyin maqolalarda; ekologiya, demografiya, bolalar o‘limi va boshqa ijtimoiy masalalarni ko‘tarib chiqqan o‘zbek oydinlari o‘z maqolalarida sekinasta milliy masalalarga tegina boshladi.

Albatta, rus zulmini taqdirning bizga yozgan stsenariysi sifatida qabul qilgan shoirlar rus bergan medal va ordenlarni taqib, mast-alas «badiiy do‘stlik» haqida she'rlar yozishda davom etayotgandilar.

Faqat endi butun o‘tgan 50 yillik «badiiy sukunat»ni buzishga shaylanayotgan bir avlod turgandi bo‘sag‘ada. Bu bizning avlod edi.

Men avlod deganda ayni yilda tug‘ilganlarni aytayotganim yo‘q. Ayni zehniyat sohibi insonlar jamoatini nazarda tutayapman. Bu avlod 1984 yil oxirida Moskvaga isyon maktubini jo‘natdi.

1984 yil oxirida Kompartiyaning mafkuraviy jabhada uyg‘ulagan tazyiqiga qarshi bitilgan «Politbyuroga maktub» o‘zbek oydinlarining mavjud rejimga qarshi yozilgan ilk manifesti bo‘ldi.

Bu maktub adabiyotdagi tsenzura va milliy qadriyatlarni mensimaslikka qarshi bir tiranishning namoyishi edi. Bu maktubning oqibatlari esa biz uchun mubolag‘asiz bir milliy imtihonga aylandi. Maktubga imzo chekkan yosh shoir va yozuvchilar (50 dan ortiq kishi)ning asarlari nashriga taqiq qo‘yildi.

Bu tarixiy imtihondan o‘tgan o‘zbek munavvarlari endi katta shaharlarda o‘zbek maktablarini ko‘paytirish, ishlab-chiqarishning strategik jabhalarida milliy kadrlarga yo‘l ochish, yerli xalq tiliga davlat tili maqomi berish kabi Sovet davlatining tamalini qo‘zg‘atadigan jiddiy masalalarni ko‘tara boshladi.

Kamina u davrda ilmiy tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari talabi bilan ularning huzurida milliy masalalar bo‘yicha ochiqcha chiqishlar qildim. Bu chiqishlar keng jamoatchilikka tanilishimga sabab bo‘ldi.

YoZUVChILAR UYuShMASI KOTIBLIGI

1986 yildan boshlab, maqolalarim Moskvada bosila boshladi. «Drujba narodov» jurnali, «Literaturnaya Rossiya» kabi gazetalar O‘zbekistonda bosilishi mumkin bo‘lmagan, milliy masalalarga teginilgan maqolalarimni chop etdilar.

1986 yil oktyabr yoki noyabr oyida O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi plenumida qilgan qisqa nutqim o‘zbek ijodkorlari ichida e'tiborimni yuksaltdi, deb o‘ylaman. Bu kichik voqea mening 1988 yil may oyida Uyushma kotibligiga saylanishimga turtki bo‘lgan faktorlardan biri, deb bilaman.

Yozuvchilar Uyushmasidagi kotiblik vazifasi esa men uchun milliy harakatni tashkil qilish jarayonida hukumatning butun yopiq eshiklarini ochadigan bir sehrli kalit mohiyatiga ega edi.

DARZ KYeTGAN DYeVORLAR

Amerika Prezidenti Ronald Reyganning 1987 yil 12 iyun kuni Berlin shahrini ikkiga bo‘lib turgan Brandenburg darvozasi qarshisida so‘ylagan nutqi faqat Sharqiy ovrupoliklar uchun emas, balki umuman Sharq uchun, Sovet Ittifoqidagi asir millatlar uchun ham bir mujda edi.

Reygan bu nutqida Sovet Ittifoqini olmon millatini ikkiga bo‘lib turgan bu devorni yiqishga chaqirdi. Va devor ikki yarim yil so‘ngra yiqildi.

Holbuki, Reygan bu nutqini tayyorlab, maslahatchilariga berganida ularning aksariyati bu nutqni jiddiy «yumshatish»ga undagandi.

Ammo Reygan nutqini o‘zgartirmadi, u kun uchun radikal ko‘ringan butun jumlalarini bor hayajoni bilan irod etdi.

Bu voqea bir liderning jasoratli so‘zi dunyoni o‘zgartirishi mumkinligini yana bir marta isbot qildi.

Hali ham esimda, men bu nutq yangraganda Moskvada edim, uni rus shoirlari bilan «Svoboda» radiosidan eshitdik.

Biz ham qattiq hayajonlangandik. Xuddi dunyo bilan bizning oramizdagi devor yiqilayotganday sevingandik.

«NYu-YORK TAYMS”

1988 yil oktyabr oyida «Nyu-York Tayms» gazetasi mendan intervyu olib, noyabr oyida yoyinladi.

Bil Keller, «Nyu-York Tayms» gazetasida bosilgan maqola muallifi

Bu maqoladagi quyidagi jumla kommunistik rejimni g‘azabga keltirdi: “Hamma narsa Stalindan qolgan «Paxta bilan o‘zini o‘zi ta'minlash» siyosatiga borib taqaladi,” deydi shoir va Yozuvchilar uyushmasi kotibi Muhammad Solih. «Bu paxta mustaqilligi – O‘zbekistonning qulligidir… Biz paxtamizning 92 foizini xom-ashyo sifatida sotamiz. Keyin esa (bizning paxtadan tikilgan) ko‘ylaklarimizni Rossiyadan sotib olamiz, – deydi janob Solih. (By Bill Keller, «A Fantastic Dream» 06.11. 1988, The New-York Times)

Maqola e'lon qilingandan besh kun o‘tib, 1988 yil 11 noyabrda bir hovuch adiblar tashabbusi bilan»Birlik» tashkilotini tuzdik.

Bu izma-iz kelgan zarbalardan esankirab qolgan sovet rejimi harakatga kechdi: 1988 yil 13 dekabr kuni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti organlari bo‘lmish uchta gazeta «Pravda Vostoka», «Sovet O‘zbekistoni», «Tashkentskaya pravda» gazetalari kamina haqda «Dvoynoy standart chestnogo Muxammada» degan feleton yoyinladi.

Bu feletonda kamina to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir irqchiga qiyoslanib, rus dushmaniga aylantirilgandi.

Bu material katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Sovet Ittifoqining avvalgi davrlarida bunday maqolaga «qahramon» bo‘lgan shaxslar kamida zindonga tashlanar yoki otishga hukm qilinardi.

Ayni shu kunlari KGBning bosimi sezilarli darajada ortdi.

Men kabi antikommunist bittasining nomenklatura lavozimi hisoblangan bir mansabga ko‘tarilishim maxfiy tashkilotni jiddiy tashvishga solib qo‘ygani aniq edi.

Telefonlarim avvaldan ham tinglanardi. Ammo kotiblikka kelganimdan so‘ngra bu ta'qib ust saviyaga chiqdi.

Telefon orqali notanish kishilarning turli tahdidlari keskin ko‘paydi.

Shunday xavotirli kunlarning birida chet el matbuoti uchun yozgan maqolamni berish uchun Amerikalik do‘stim Bill Firman (William Fierman)ni uyimga chaqirdim.

Bill Firman O‘zbekistonga tez-tez kelib turadigan Indiana Universiteti mansubi olim edi. (Xushmuomila, madaniyatli inson edi. O‘zbek oydinlari, yozuvchi va shoirlari bilan apoq-chapoq bo‘lib ketgandi. Balki, shundan qo‘rqibmi, diktator Karimov amerikalik olim Bill Firmanni O‘zbekistonga kirishini taqiqlab qo‘ydi).

Suratda William Fierman o‘zbek yozuvchilari Dadaxon Nuriy va Nurali Qobul bilan. 1989 yil. Toshkent

Bu yangi matnni Billning yonida olib yurishi xavfsiz emasdi. Buni hisobga olib, har bir sahifaning rasmini chekishga qaror qildik. Billning fotoapparati bor edi va u har bir sahifani suratga oldi.

Biz u paytlarda KGBning «har yerda ko‘zi bor» degan afsonaga shu qadar ishonardikki, rasmlarni salonda emas, vanna xonasiga kirib chekdik.

Bugungi texnologiya zamonida bu narsalar kulgili ko‘rinar, ammo u zamonlarda “bu narsalar” hech kulgili emasdi…

SOVYeT O‘ZBYeKISTONI TARIXIDA ILK MITING

20 dekabrda o‘zbek yoshlari bu «Pravda Vostoka» va boshqa gazetalarda bosilgan o‘sha feleton-maqolaga qarshi norozilik bildirib, Toshkentda namoyishga chiqishdi.

Avval «O‘zbekiston» mehmonxonasi oldida, keyin “Inqilob xiyoboni”da davom etgan bu mitingda yoshlar maqola avtorlari bo‘lgan «Pravda vostoka» gazetasi muxbirlari Yuriy Krujilin va Xisamovlarni o‘zbek xalqidan kechirim so‘rashga chaqirdilar va ularga kechirim so‘ratdilar.

Bu mitingga meni ham chaqirishgan edi

Bor-yo‘g‘i 300 kishidan iborat bir kichik guruhning bu jasur hamlasi o‘zbekning 135 yillik Rus ishg‘oliga qarshi “Bosmachilik harakati”dan keyin ko‘targan ilk mashru' isyoni edi.

Bu kichik miting keyingi yillarda yuzminglarni maydonga chorlagan ilhom manbai bo‘lib qoldi.

O‘TISh DAVRI TIRANIShI

Bu davr SSSRda faqat o‘zbek millati ustida emas, o‘nlab boshqa millatlar ustidagi 150 yillik Rus mustamlakasining yiqilishiga vasila bo‘lgan davr bo‘ldi.

Bu davrda qurilgan «Birlik«tashkiloti tom ma'noda siyosiy tashkilot emasdi. Dasturiga ham siyosiy maqsadlar emas, yuqorida sanaganimiz ekologiya, demografiya va hokazo ko‘proq ijtimoiy hadaflar kiritilgandi.

Bu tashkilot ommaning siyosiy ongi o‘sishida katta rol o‘ynadi. Insonlar o‘z irodalari bilan bir tashkilot tuzib, unda o‘z orzu istaklarini ifoda qilishi va ularni amalga oshirish uchun harakatga kechishi mumkinligi angladilar. Bu o‘zbek zehniyatida katta o‘zgarish yasadi.

(Davomi bor)

Tag‘in o‘qing
3 july 2018
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, ayni paytda Shveytsariyada muzlatilgan pullarni mamlakatga qaytarish borasida muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi. ...
8 january 2016
Qishning qahri qattiqlashgan sari, gaz idorasi xodimlarining dag‘dag‘alari ortadi.  Rassom Elsevarning navbatdagi hajviy surati ham O‘zbekistondagi gaz muammolari haqida. ...
13 june 2022
Xavfsizlik xizmatlari jurnalistlarga ba'zi mavzulardan qochish va ayrim xabarlarni o‘chirtirish uchun tahdid qiladi, qo‘rqitadi va bosim o‘tkazadi. Bu maqola ...
23 september 2016
21-22 sentyabr kunlari Buvayda tumanidagi shifoxonaga birin ketin tumanning ikkita kollej bufetidagi pishiriqlarda zaxarlangani iddao qilingan o‘quvchilar keltirilgan. Tuman  tibbiyot ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...